ACWA Powerning Oʼzbekistondagi mavqei mustahkamlanadi

Аr – Riyod shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Аrabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Аbunayan bilan uchrashdi.

“ACWA Power” – Oʼzbekistonning anʼanaviy va muqobil energetika sohalaridagi eng yirik hamkorlaridan biridir. Uning hozirgi investitsiyaviya portfelida umumiy qiymati qariyb 2,5 mlrd dollarlik 4 ta loyiha bor. Saudiya Аrabistoni kompaniyasi tomonidan mamlakatda yaratilgan energiyani ishlab chiqaruvchi quvvatlarining umumiy hajmi 2,6 GVtdan oshadi.

Tomonlar qurilish ishlarini jadallashtirish va amalga oshirilayotgan loyihalarning muvaffaqiyatli yakunlanishini taʼminlash boʼyicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qildilar. Ularning amalga oshirilishi mamlakatning umumiy energiya ishlab chiqarish quvvatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 2026-yilga kelib 25 foizga yetkazish boʼyicha rejalashtirilgan ishlarning amalga oshirilishiga katta hissa qoʼshadi.

Shuningdek, mamlakat energetika sohasi uchun inson resurslarini mustahkamlash boʼyicha chora-tadbirlar koʼrib chiqildi. Oʼzbekistonning ixtisoslashgan oliy oʼquv yurtlari talabalari va bitiruvchilari uchun ilgʼor texnologik yechimlar va xalqaro standartlar asosida qayta tiklanadigan energiya obʼektlarini qurish va ulardan foydalanish boʼyicha tajriba orttirishlari uchun “ACWA Power” obYektlarida maxsus treninglar va stajirovkalarni tashkil qilish boʼyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, yaqin kelajakda “ACWA Power” kompaniyasini jalb qilgan holda keyinchalik amalga oshirish uchun yangi istiqbolli loyihalar roʼyxatini tayyorlash va muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.