Afg‘oniston orqali Hindistondan O‘zbekistonga ilk tranzit yuklari jo‘natildi

Hindistonlik treyder Pokiston va Afg‘oniston orqali birinchi tranzit jo‘natmani O‘zbekistonga jo‘natdi. 16-mart kuni 140 tonna yuk (asosan shakar) ortilgan yuk mashinalari Kobuldan Toshkentga yo‘l olgan.

Bungacha jo‘natma Mumbay, Karachi va Torxam shaharlaridan o‘tgan. Ushbu jo‘natma hindistonlik xususiy tadbirkor tomonidan tashkil etilgan. Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda imzolangan ikki tomonlama tranzit savdo shartnomasiga muvofiq, tijorat yuklari shu oy boshida Pokistonning Karachi dengiz porti orqali o‘tib, O‘zbekiston importchisiga yetkazilgan, dedi pokistonlik rasmiy.

«O‘zbekistonga yo‘l olgan Hindiston tijoriy jo‘natmalari kelishuv bo‘yicha xususiy tadbirkorlik faoliyati bo‘lib, to‘rtta davlatning hech birida hukumat ishtirokisiz amalga oshirildi», — dedi u.

Kobulda Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumatining sanoat va savdo vazirligi Hindiston tovarlari tranzitini osonlashtirish maqsadida maxsus marosim uyushtirib, Afg‘oniston tomoni buni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

«Endi bu muntazam faoliyatga aylanadi va O‘zbekiston Pokiston dengiz portlari orqali istalgan joydan tovarlarni olib kirishi mumkin bo‘ladi», dedi o‘zini oshkor qilmagan pokistnlik mulozim.