Afg‘onistonda vayron qilingan Alisher Navoiy haykaliga TIV munosabati

O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Axror Burxanovning xabariga ko’ra, Afg‘onistonda buyuk shoir Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani borasidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilgan. Qayd etilishicha, ushbu holat noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.
“Afg‘onistonda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildik. Ushbu masala yuzasidan Afg‘oniston vakillari bilan bog‘landik. Ularning ta’kidlashicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan muvaqqat hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosimizga zarar yetkazadi.
Afg‘oniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini ma'lum qildilar”,- deya qayd etilgan TIV matbuot kotibi xabarida.






