Аgar kimda-kim maktab bu faqat Xalq taʼlimi vazirligining ishi deb oʼylasa mutlaqo yanglishadi

Prezident raisligida videoselektor yigʼilishi boshlandi.

"Taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʼq.Qanchalik murakkab boʼlmasin, maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʼyishimiz kerak. Chunki biz koʼp vaqt yoʼqotganmiz. Аgar kimda-kim maktab bu faqat Xalq taʼlimi vazirligining ishi deb oʼylasa mutlaqo yanglishadi. Maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi boʼlishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin", dedi davlatimiz rahbari yigʼilish avvalida.

"Besh yillik yangi Taraqqiyot strategiyamizni eʼlon qildik.

Oldimizga yalpi ichki mahsulot va eksportni karra-karra oshirish, sanoatni va axborot texnologiyalarini keskin rivojlantirish, kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha ulkan marralarni oldik.

Bu vazifalarni kim uddalaydi? Аlbatta, maktabda zamonaviy bilimlarni egallagan, raqobatbardosh yoshlar.

Umuman, respublika boʼyicha 10 ming 130 ta maktabni isloh qilish 6 milliondan ziyod oʼquvchi, 500 mingdan ortiq muallim, umuman, jamiyatimizning barcha qatlamlari, har bir oilaning kelajagi bilan chambarchas bogʼliq.

Shu bois, bizga sifatli taʼlim tizimi, zamon talablariga javob beradigan va barcha shart-sharoitlarga ega maktablar, ularda malakali pedagog-kadrlar, boshqaruvchilik va liderlik qobiliyatiga ega maktab direktorlari kerak.

Taraqqiyot strategiyasida toʼrtinchi ustuvor yoʼnalish ham, “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad”ning 5 ta maqsadi hamda undagi 18 ta vazifalar ham bevosita maktab taʼlimi bilan bogʼliq", deya qayd etdi davlatimiz rahbari.