Аholi daromadlarini oshirishga xizmat qiluvchi qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi

Bugun, 8-iyul kuni, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qoʼllanilishini takomillashtirishga qaratilgan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda barcha sohalar kabi soliq-bojxona qonunchiligining takomillashtirilishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatini kengaytirilishiga, ular uchun zarur sharoitlar hamda imkoniyatlar yaratilishiga erishildi.

Аholi va tadbirkorlarga qoʼshimcha imtiyozlar berish maqsadida mazkur Soliq hamda Bojxona kodekslariga tegishli oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, mobilь aloqa xizmatlari uchun aktsiz soligʼi stavkasi tushirilmoqda, farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar koʼrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) tomonidan toʼlanadigan oyiga 3 mln soʼmgacha boʼlgan toʼlovlar daromad soligʼidan ozod etilmoqda.

Bundan tashqari, talabalarning oliy taʼlim muassasalari hududida tashkil etgan pullik oʼquv kurslari, sport toʼgaraklari va boshqa taʼlim xizmatlarni koʼrsatishdan olingan daromadlari, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarning, shu jumladan, davlat-xususiy sherikchiligidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarning qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi xarajatlari jami daromadlar tarkibiga kiritilmasligi belgilanmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan tadbirkorlik subʼektlariga vaqtinchalik soliq imtiyozlarining berilishi orqali xizmatlar, turizm, kapital bozor va tibbiyot sohalarini rivojlantirishga, yangi ish oʼrinlari yaratilishi hamda aholi bandligini taʼminlashga erishilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Qonunning qabul qilinishi natijasida soliq-bojxona tizimining takomillashtirilishi, tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi, natijada aholi daromadlarining oshishiga erishiladi.