Aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 166,7 trillion so‘m kreditlar ajratildi

Senatning 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Markaziy bank asosiy e’tiborni inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish uchun pul-kredit siyosati vositalariga qaratdi, shuningdek, bank tizimidagi xavflarni oldindan aniqlash va kamaytirish, shuningdek, mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash choralarini ko‘rdi.

Xususan, yil yakuniga qadar prognoz qilinayotgan inflyatsiya darajasini 10 foizga yetkazish maqsadida Markaziy bankning hisobot yilidagi asosiy stavkasi o‘zgarishsiz yillik 14 foiz darajasida saqlanib qoldi.

Banklar va to‘lov tizimlarining barqaror va ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida tijorat banklari zarur moliyaviy resurslar bilan ta’minlandi. Aholi va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 166,7 trillion so‘m yoki 2020-yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p kreditlar ajratildi.

Kichik biznesni, jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 436 mingdan ortiq loyihani amalga oshirishga jami 59,6 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

Shu bilan birga, senatorlar narx-navo barqarorligini ta’minlash, shuningdek, bank tizimining barqarorligi va to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida pul-kredit siyosati vositalaridan faol foydalanish va takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirdilar. Yig‘ilishda nomonetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida har bir omilning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilib, hukumatga takliflar kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, senatorlar tijorat banklari faoliyatini tartibga solishda xalqaro miqyosda tan olingan standartlarni joriy etish, banklarda kredit riskini hisoblashni yanada optimallashtirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.