Aholining real daromadi o‘tgan yilga nisbatan 8,5 foizga oshgan

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan qo‘mitalar majlislari bo‘lib o‘tmoqda. Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, respublikamizda 2022-yilning I yarim yilligida muvofiqlashtirilgan fiskal va monetar rag‘bat natijasida iqtisodiyot 5,4 foizga o‘sgan. Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari xizmatlar va sanoat sohasini tashkil etgan.
O‘z navbatida, ko‘rilayotgan samarali choralar natijasida aholining real daromadi 7,2 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga oshdi.
2022-yilning 6 oyi davomida Davlat budjeti daromadlari prognozga nisbatan 106 foizga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 trillion so‘mga ortiq bajarilib, mahalliy budjetlar ixtiyorida jami 4 trillion so‘m mablag‘ qoldirilgan.
Davlat budjetining xarajatlari 2022-yilning 6 oyi davomida davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 103 trillion so‘mdan ortiq bo‘lib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 26,4 foizni tashkil etgan.






