Albatta, qiyin bo‘ladi lekin biz bir oilamiz – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida Nukus shahridagi “Chimboy guzari” mahallasida bo‘ldi, Nukus shahrida ish boshlagan plastik eshik va romlar korxonasini borib ko‘rdi hamda investitsiya loyihalari situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi.

Hozirga kelib mahalla aholisi 14 mingdan oshgan. Bu yerda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalasi dolzarb bo‘lib bordi. Va hudud yaqinda «Obod mahalla» dasturi doirasida obodonlashtirildi. Bu yerda 300 dan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

“Mahalladagi o‘zgarishlarni, sizlarning ishli bo‘lganingizni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Qo‘lida hunari bor ayolning kayfiyati yaxshi, oilasi ham barqaror bo‘ladi. Bunday ishlarni hali ko‘p qilishimiz kerak. Albatta, qiyin bo‘ladi. Lekin biz bir oilamiz. Birlashib, hamma rejalarni amalga oshira olamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallaning “Ko‘ktepa” ko‘chasidagi 8 ta uy namunaviy xonadonga aylantirilgan. Hovlilar tartibga keltirilib, issiqxonalar qurilgan. Prezident ulardan biri - Gabit Jusupov xonadonida mehmon bo‘ldi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Nukus shahrida ish boshlagan plastik eshik va romlar korxonasini borib ko‘rdi.

Bu loyiha uchun “Jana bazar” mahallasi hududidan 4 gektar yer ajratilib, 2 million dollarlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Korxona jami 270 ming kvadrat metr eshik va deraza romlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 230 kishi ish bilan ta’minlandi. Ularning ko‘pchiligi yoshlar. Prezident korxonaning ish jarayoni, mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

Tashrif doirasida Prezident Nukus shahridagi investitsiya loyihalari situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi.

Bu muassasa biznes loyihalarni shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha yaxlit tizim sifatida ishlaydi. “Yagona darcha” tamoyili asosida vazirlik, idora, hudud va tashkilotlar o‘rtasida tezkor hamkorlikni ta’minlaydi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.