Alibaba Group korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi tashkil etildi

Bugun, 13-oktabr kuni Eksportni ragʼbatlantirish agentligi va "Alibaba Group" korporatsiyasi bilan hamkorlikda, O'zbek eksportchilari va ishlab chiqaruvchilari uchun Alibaba elektron tijorat platformasida savdoni tashkil etish, xaridorlar bilan ishlash, mahsulotlarni sotish va yetkazib berishning samarali usullari hamda vositalaridan foydalanish bo'yicha xalqaro elektron tijorat forumi tashkil etildi.

Forumda Eksportni ragʼbatlantirish agentligi Direktor oʼrinbosari Toymas Yakubov, Alibaba korporatsiyasi Global hamkorlik departamenti boshligi Rokki Lu, Alibaba korporatsiyasi strategik hamkorlik boʼyicha menejeri Tim Song, Alibaba korporatsiyasi servis hamkori Mirxosil Majidiy va Boris Neyman hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Forumda Alibaba elektron savdo maydonchasining imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo'llari va usullari ko'rib chiqiladi, xizmat ko'rsatuvchi hamkorlar yordamida ushbu platformada xaridorlarni izlash va marketingni yo’lga qo’yish borasida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tadbirkorlarga Alibaba platformasida muvaffaqiyat qozonish bo'yicha ko'rsatmalar, talab, raqobat va xaridorlarni tanlash bo'yicha qo'llanmalar taqdim etilib, biznes vakillarini qiziqtirgan savollarga ekspertlar tomonidan javob berildi.