Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi

2022-yil 9-fevral buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Аlisher Navoiy tavalludining 581 yilligi.

Navoiy tahallusi ostida ijod qilgan bobokalonimizning asl islmi Nizomiddin Mir Alisher edi. U 1441-yilning 9-fevralida Amir Temurning o’g’li Shohrux Mirzo shohligi davrida Hirotda dunyoga kelgan. Uning otasi Gʻiyosiddin Muhammad (uni Gʻiyosiddin Kichkina ham der edilar) temuriylar saroyining amaldorlaridan, xonadonning ishonchli kishilaridan edi.

Bolalik chog’laridanoq o’tkir zehni ila o’z tengdoshlaridan ajralib turgan Navoiy she’riyat dunyosiga erta qadam qo’ygan. U chig‘atoy (eski o‘zbek tili) hamda forsiy tillarida ijod qilgan.

Hayoti davomida Navoiy musulmon Sharqining turli mamlakatlarida bo‘ladi, o‘z davrining taniqli shaxslari bilan ko‘rishadi. O‘zining she’riy mahoratini oshiradi. 1464-1465 yillar Navoiy ijodining shinavandalari uning ilk she’riy to‘plamini (devonlari) tayyorlashadi.

1469-yil temuriy Husayn Boyqaro Hirotni egallaydi va Xuroson hukmdori bo‘ladi. Shu vaqtdan e’tiboran, Navoiy hayotining yangi bosqichi boshlanadi. U mamlakatning siyosiy hayotida faol ishtirok etadi. Shu yili Xuroson hukmdori Navoiyni davlat muhrdori etib tayinlaydi, 1472-yilda esa vazirlik lavozimida faoliyat boshlaydi. Egallagan mansabi orqali u mamlakatning madaniy va ilmiy taraqqiyotida o’chmas iz qoldiradi.

1480-yil Hirot shahrida va boshqa viloyatlarda o‘z hisobidan bir nechta madrasa, 40 ta rabot (yo‘lovchilar uchun bekat), 17 ta masjid, 10 ta so‘fiylar turarjoyi (xonaqoh), 9 ta hammom, 9 ta ko‘prik qurdiradi.

Navoiy temuriylarning so‘nggi hukmronlik yillarida (1370-1506) yashab ijod qilgan. Shuning uchun uning asarlarida jamoat ruhi, davrga xos muhim muammolar ustundir. 1490-1501-yillar Navoiy eng nafis, ijtimoiy-falsafiy va ilmiy asarlarini yaratgan.

1483-1485 yillar Navoiy o‘z ichiga besh dostonni olgan “Hamsa” asarini yozadi: “Hayrat ul-Abror” (“Yaxshi kishilariing hayratlanishi”), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” (“Yetti sayyora”), “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”).