Alisher Usmonov Germaniya konstitutsiyasi orqali sanksiyalarga qarshi chiqmoqchi

Milliarder Alisher Usmonovning advokatlari Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga Yevropa Ittifoqining tadbirkorga nisbatan sanksiyalariga qarshi chiqish uchun murojaat qilmoqchi. Bu haqda Germaniyaning Süddeutsche Zeitung gazetasi ma'lumot manbasiga aniqlik kiritmagan holda xabar berdi. Qayd etilishicha, advokatlar Usmonov xatolik tufayli sanksiyalar ostida qolganini isbotlash uchun sudga daʼvo tayyorlamoqda va uning sanksiyalar roʻyxatida tilga olinishi Germaniya konstitutsiyasiga ziddir.
Advokatlar, Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgan va shu orqali Rossiyaning Ukrainadagi “harbiy maxsus operatsiyasi”ga bilvosita hissa qo‘shayotgan boylarga nisbatan sanksiyalar qanchalik samarali ekanligi haqidagi savolni sudda ko‘rib chiqmoqchi. Da’vo yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlandi.
Professor Ditrix Mursvik, agar YeI “maxsus operatsiya” uchun javobgar bo‘lmagan shaxsni ro‘yxatga kiritsa, sanksiyalar “inson qadr-qimmati”ga to‘g‘ri kelmaydi, degan xulosaga keldi. Mursvikning fikricha, bu holatda Germaniyaning “konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi” buziladi. Mursvik hisobotni Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi soʻroviga koʻra yozgan, deb yozadi Süddeutsche Zeitung.
Qayd etilishicha, Usmonov Germaniya Konstitutsiyaviy sudida muvaffaqiyat qozonsa, bu sanksiyalar ostida qolgan boshqa rossiyaliklar uchun foydali bo‘ladi, deb yozadi Süddeutsche Zeitung.
Ma’lumot uchun: Usmonov 2022-yilning 28-fevralida boshqa rossiyalik milliarderlar bilan bir vaqtda Yevropa Ittifoqining shaxsiy sanksiyalari ro`yxatiga tushib qolgan edi. 2022-yil aprelida Usmonov sanksiyalarga e’tiroz bildirish maqsadida Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi umumiy yurisdiksiya sudiga da’vo arizasi bergan.
Noyabr oyida Financial Times gazetasi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi rasmiylaridan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragani, bu cheklovlar milliarderning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatganini yozgan edi.






