Alisher Usmonov O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun eng qiziqarli yo‘nalishlarni aytib o‘tdi

Tadbirkor Forbes nashriga bergan intervyusida aksiyalari o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalar faoliyat yo‘nalishlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirkor Alisher Usmonovning fikricha, hozir O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun qulay vaqt. Bu haqda u Forbes nashriga bergan intervyusida gapirdi.
“Oʻylaymanki, hozir investorlar uchun Oʻzbekiston bozoriga kirish uchun qulay vaqt. Men barchani bu yerga sarmoya kiritishni taklif qilaman. Men aktsiyador bo‘lgan kompaniyalar bu yerga metallurgiya, sement ishlab chiqarish va telekommunikatsiya sohalariga sarmoya kiritmoqda”, — dedi u.
Shuningdek, Alisher Usmonov bu yerga sarmoya kiritishda davom etishini, O‘zbekistonda topgan pulining hammasi O‘zbekistonda qolishini qo‘shimcha qildi.
Tadbirkor intervyuda respublikaga sarmoya kiritish uchun qiziqarli yo‘nalishlarni ham aytib o‘tdi.
“Paxtani qayta ishlash, meva-sabzavot yetishtirish, shuningdek, mamlakatning tog‘-kon resurslarini rivojlantirish, ya’ni rangli metall rudalarini qazib olish va qayta ishlash sarmoya kiritish uchun eng qiziqarli yo‘nalishlardir”, — dedi Usmonov.






