«All Nippon Airlines» Samarqand, Buxoro va Urganchga parvozlarni yo'lga qo'yishni rejalashtirmoqda

2022 yilning 22 dekabr kuni Tokio shahrida O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning "All Nippon Airlines" aviakompaniyasi prezidenti Shinichi Inoue bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Turizm va aviatsiya sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Yaponiya tomoni mamlakatimizda turizmni faol rivojlantirish, chet ellik sayohatchilar uchun sharoit yaratish, turizm infratuzilmasi ob'ektlarini ko'paytirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar natijalarini ijobiy baholadi.

O'zbekistonga Yaponiyadan, shu jumladan barcha yo'nalishdagi fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish orqali sayyohlik oqimini ko'paytirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, "All Nippon Airlines" aviakompaniyasining Samarqand, Buxoro, Urganch va O'zbekistonning boshqa tarixiy shaharlariga reyslarini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.