Amirsoy tog’ chang’i kurortida umumiy qiymati € 15,200,000 bo’lgan yangi dor yo’li

So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmning boshqa turlari qatori tog‘ turizmini rivojlantirishga ham eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston nafaqat qadimiy shaharlari, balki betakror tog‘lari bilan ham mashhurdir. Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizda turizm to‘rt faslda ham faoliyat yuritadi.
Amirsoy ekspress
Gondola toifasiga kiruvchi mazkur dor yo‘li dunyo miqyosida mashhur ishlab chiqaruvchi - «Doppelmayr» kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Zamonaviy dizayn, innovatsion xavfsizlik komponentlari va eng yuqori sifatli po‘lat uskuna dam olish maskaniga tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik va xavfsizlikni kafolatlaydi. Salonlarning panoram oynalari yo‘lovchilar oldida o‘ziga xos aylanma ko‘rinish hosil qilib, ularga o‘zlarini tabiat bilan hamnafasdek his qilish imkonini beradi.
“Amirsoy Ekspress” tashrif buyuruvchilarni avtomobil yo‘lidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurort hududiga yetkazib qo‘yadi, bu esa uzoq masofali tog‘ yo‘lini chetlab o‘tib, haydovchilar uchun 5 km. ga qisqartiradi. Dor yo‘li 10 kishilik sig‘imga ega 74 ta gondola (kabina) dan iborat. Uning umumiy uzunligi 2913 metr bo‘lib, soatiga 2400 kishini tashish quvvatiga ega. Sayohat vaqti 9 daqiqani tashkil etadi. Mazkur obyekt joriy yilning 01 mayidan 15 dekabrigacha bo‘lgan qisqa davrda qurib bitkazildi. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 mln. yevroni tashkil etdi.






