Apple aqlli soatlarning yangi modelini taqdim etishi kutilmoqda

“MacWorld” xabariga ko’ra, Apple kompaniyasi aqlli soatlarning mutlaqo yangi modeli ustida ishlamoqda.
Xabarga ko'ra, tahlilchi va insayder Jeff Pu Apple kompaniyasi Watchning mutlaqo yangi modelini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgan. Bu mikro-LED displeyli soat bo'lib, uning 2,1 dyuymli diagonali Apple uchun rekord bo’ladi. Qayd etish joizki, hozirda Apple Watch Ultraning eng katta displeyi 1,92 dyuymli o’lchamga ega.
Tahlilchining ta’kidlashicha, micro-LED texnologiyasi tufayli yangi soatning displeyi yorqinligi bo’yicha barcha mavjud Apple Watch soatlaridan o'zib ketadi.
Yangi Apple Watch 2.1 seriyadagi mutlaqo yangi model bo’ladimi yoki xabarlar Ultraning ikkinchi avlodi haqida ketyaptimi, hozircha noma’lum. Faqatgina ikkita fakt haqida ma’lumotlar mavjud. Ularga ko’ra, Apple Watch Ultraning yangilanish davri ikki yilni tashkil qiladi va mikro-LED li yangi soat 2024-yilda chiqarilishi rejalashtirilmoqda.






