Appledan iOS 16 taqdimoti

Apple yangilangan qulf ekrani va iMessagega katta o'zgarishlar kiritilgan iOS 16 taqdimotini o’tkazdi.

Foydalanuvchilar endi iPhone qulf ekranini shaxsiylashtirish, iMessage orqali yozishmalarini o'zgartirish va smartfonlarining avtomobillar bilan integratsiyalashuvini chuqurlashtirish imkoniga ega.

Mahsulot yangilanishlari qatorida Mac dasturiy ta'minotidagi ko'p vazifali funksiyalar, iPadda Applening Weather ilovasini joriy etish va kompaniyaning keyingi avlod M2 chipining namoyishi o’rin oldi.

iMessagega to’xtaladigan bo’lsak, endi xabarlarni tahrirlash yoki yuborishni bekor qilish va xabarlarni o'qilmagan deb belgilash imkoniyati taqdim etildi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, ushbu variantlar foydalanuvchilar tomonidan eng ko'p talab qilinadigan xususiyatlardan biridir.

Qulf ekrani orqali foydalanuvchilar yaqinlashib kelayotgan taqvim voqealari va ob-havo kabi vidjetlar qoʻshishi hamda “jonli” harakatlarni, jumladan, Uber safari jarayoni yoki sport oʻyinlaridagi yangilanishlarni kuzatishi mumkin boʻladi. Shuningdek, kun davomida fon rasmlari turli xilda o’zgarib, inson kayfiyatni ko’tarib turadi.

Apple shuningdek, ilovalar va qurilmalarda autentifikatsiya qilish uchun Touch ID yoki Face ID yordamida parollarni almashtirish uchun mo‘ljallangan Passkeys deb nomlangan vositani taqdim etdi.