АQSh Mehnat vazirligi: Oʼzbekiston majburiy mehnatga barham berishda misli koʼrilmagan yutuqlarga erishdi

Vashingtonda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov АQSh mehnat vaziri oʼrinbosari Tea Li bilan muzokara oʼtkazdi.

Suhbat chogʼida Аmerika tomoniga Oʼzbekiston qonunchiligidagi soʼnggi oʼzgarishlar hamda majburiy mehnatning oldini olish va unga toʼliq barham berishga qaratilgan huquqni qoʼllash choralarini kuchaytirish toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.

T.Li soʼnggi yillarda Oʼzbekiston majburiy mehnatga barham berish sohasida katta yutuqlarga erishganini taʼkidlab, respublikaning XMT bilan birgalikda munosib mehnat dasturi va uch tomonlama hamkorlik mexanizmlarini amalga oshirishni davom ettirish boʼyicha rejalarini olqishladi.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro brendlar ishonchini mustahkamlash va masʼuliyatli mahsulot yetkazib beruvchilarni tanlashda mamlakat raqobatbardoshligini taʼminlash uchun mustaqil kasaba uyushmalarini qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuvda АQSh Mehnat vazirligining 2 mln dollarlik “Oʼzbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish” loyihasining amalga oshirilishi ham muhokama qilindi.