AQSH O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishini qatʼiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Vashington shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva AQSH savdo vakili o‘rinbosari (USTR) Kristofer Uilson bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat boshida AQSH tomoniga majburiy mehnatga qarshi kurashish, fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar natijalari haqida batafsil axborot berildi.
O‘z navbatida, USTR vakili O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berish borasidagi muhim yutuqlarini olqishlar ekan, “Cotton Campaign” koalitsiyasining paxta boykoti bekor qilinishi majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan muvaffaqiyatning yaqqol eʼtirofi ekanini taʼkidladi.
K. Uilsonning so‘zlariga ko‘ra Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq. Shu munosabat bilan u Amerika tomoni O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-majlisida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Ushbu jarayonning murakkabligini tan olgan holda K.Uilson bu masalada Amerika tomoni doimiy qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.
Bundan tashqari, savdo vakili o‘rinbosari USTR Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi savdo va investitsiyalar bo‘yicha Doiraviy bitim (TIFA) doirasida umumiy ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston bilan hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan, USTR vakili elektron savdoni rivojlantirish masalasida O‘zbekiston tomoni bilan muvofiqlashtirish sohasida yaqin hamkorlik qilishga umid bildirdi, bu mintaqa mamlakatlarining global yetkazib berish zanjiriga integratsiyasini chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
K.Uilson, shuningdek, faoliyat xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha boshqa TIFA ishchi guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilayotganini taʼkidladi.






