Аutizm kasalligini erta bosqichda aniqlash yoʼli topildi

АQShning Vashington universiteti olimlari tomonidan bolalarda uchraydigan autizm kasalligiga erta tashxis qoʼyish imkonini beruvchi maxsus koʼz testi ishlab chiqildi.

Maʼlumki, autizm — ruhiyatning buzilishi bilan bogʼliq holat. Ushbu tashxis qoʼyilgan jajji bemorlar tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. Yolgʼizlikni xush koʼradi. Bir xil xatti-harakat va soʼzlarni takrorlaydi.

Аutizmga chalingan bola oʼz olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga oʼxshamaydi. Ularning xatti-harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy oʼrin tutadi. Ushbu kasallik koʼp hollarda 3 yoshgacha boʼlgan bolalarda paydo boʼladi. Аmmo uning ilk belgilarini aksariyat ota-onalar oʼz vaqtida payqay olmaydi. Yaqqolroq alomatlar esa 2-3 yoshli bemorlarda koʼzga tashlanishi ehtimoli yuqori.

Kasallikka xos asosiy simptomlardan yana biri bemor bolalarning oʼzgalar koʼzlariga tik qaray olmasligidir. Bunday holatda ular nigohlarini olib qochishga harakat qilishadi. Nutqdagi nuqsonlar, intellektual oʼyinlarni oʼynay olmaslik, uyqu buzilishlari, tajovuzkorlikka moyillik va qoʼrquv ham autizm belgilari boʼlishi mumkin.

“Ushbu xastalikka chalingan bolalarga tibbiy amaliyotda taxminan 4 yoshligida aniq tashxis qoʼyiladi, — deydi АQShda oʼtkazilgan yuqoridagi tadqiqot rahbari Jorjina Linch. — Lekin bu ancha kech muddat. Vaholanki, bunday bemorlarda 18-24 oyligidayoq tegishli muolajalar boshlansa, ularning sogʼlom hayotga qaytishi oson kechadi”.

Tadqiqot mualliflari tomonidan ishlab chiqilgan sinov testlari juda sodda. Uni hatto uy sharoitida ham bajarish mumkin. Buning uchun bolaning yorugʼlikka boʼlgan munosabati kuzatib borilsa, kifoya.

Masalan, qorachiqlar odatda yorugʼ muhitda kengayadi. Nur kamroq tushadigan sharoitda esa yana oʼz holiga qaytadi. Yuqoridagi testni bajarishda ushbu jarayonning sodir boʼlish tezligini baholash muhim.Olimlarning izohlashicha, bu refleks autizm tashxisi qoʼyilgan bolalarda sekinroq kechadi va qorachiqlarning asl hajmiga qaytishi uchun koʼproq vaqt talab etiladi.