«Avatar» filmining to‘rtinchi qismini suratga olish jarayonlari boshlandi

Rejissor Jeyms Kemeron “Avatar” turkumidagi to‘rtinchi filmni suratga olish ishlari boshlanganini e'lon qildi. U bu haqda video havola orqali ishtirok etgan D23 Expo tadbirida ma'lum qilgan.
Kemeronning so’zlariga ko’ra, hozirda “Avatar 3” filmini suratga olish davom etmoqda. Shu bilan birga, "Avatar 2" ("Avatar: Suv yo‘li") esa post-prodakshn bosqichida.
"Filmning ikkinchi qismi ustidagi ishlar nihoyasiga yetayotganidan juda xursandman. Bilaman, buni hamma juda uzoq kutgan", - deydi rejissyor.
U tadbir mehmonlariga bo'lajak filmdan bir nechta yangi sahnalarni namoyish etdi. Xususan, tomoshabinlar Pandora o‘rmonlarida mushtlashuvni, shuningdek, Zoi Saldana (Neytiri) va Sem Uortington (Jeyk) qahramonlari o‘rtasidagi suhbat va janjal guvohiga aylanishdi. Filmning premyerasi dekabr oyining o‘rtalariga rejalashtirilgan.
P.S. "Avatar" filmi ilk bor 2009-yilda katta ekran yuzini ko’rgan va u 2 milliard dollardan ko‘proq daromad olgan birinchi film bo‘lgan.






