Avstriya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to'g'risida

2021-yilning 8-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgan Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar Federal vaziri Mixail Linxart bilan uchrashuv o'tkazdi.

Vazir mehmonni qutlar ekan, O'zbekiston Avstriya bilan ikki tomonlama va Yevropa Ittifoqi doirasidagi keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Tomonlarning konstruktiv hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishga bo'lgan sadoqati tufayli o'zaro munosabatlarning keyingi yillarda kuzatilgan ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi hamda Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar Federal vazirligi o'rtasida 2022-2023 yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.