«Ayol va biznes - o'sishga qodirmiz!» forumi bo'lib o'tdi

Unda spikerlar o’zlarining faoliyatlari, yengib o’tgan qiyinchiliklari, qanday qilib o’z bizneslarini yuqori cho’qqilarga olib chiqishga muvaffaq bo’lganliklari, fond bozori qanday ishlashi, qurilish sohasida ayollarning o'rni va boshqa bir qator mavzularda so'z yuritishdi.

8-oktyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan Hyatt Regency mehmonxonasida «Ayol va biznes — o’sishga qodirmiz!» nomli forum bo’lib o’tdi. Tadbir O’zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlash markazi, Savdo-sanoat palatasi, MPA creative media agency va bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mazkur forum shaxsiy lug’atidan muammo, to’siqlar, tengsizlik, ishonchsizlik, moliyaviy qiyinchiliklar kabi so’zlarni allaqachon o’chirib yuborgan hamda o’z biznesini trend darajasiga olib chiqqan ishbilarmon ayollar bilan uchrashish va seminar-treninglarni tashkil etish uchun o’tkazilgan edi.

Unda bir qancha spikerlar o’zlarining faoliyatlari, yengib o’tgan qiyinchiliklari, qanday qilib o’z bizneslarini yuqori cho’qqilarga olib chiqishga muvaffaq bo’lganliklari, orzu-umidlari va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo’lgan ayollarga turli motivatsion maslahat va tilaklari bilan bo’lishdi.

Tashrif buyurgan mehmonlar orasida san’at sohasi vakillari, mashhur boshlovchilar, dizayner va blogerlar ham bor edi.