Ayollar o‘rtasidagi CAFA Women’s championship-2022 futbol chempionati doirasidagi birinchi o‘yinda O‘zbekiston futbolchilari g‘alaba qozonishdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Tojikistonlik raqiblarini 6:0 hisobida mag‘lub etdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi matbuot xizmati.

Uchrashuvning sakkizinchi daqiqasidayoq Ilvina Ablyakimova hisobni ochdi. Oradan tom ma'noda ikki daqiqa o'tib Nilufar Qudratova to'pni raqib darvozasiga yo'lladi. 24-daqiqada Ilvina Ablyakimova yana uchinchi golni kiritdi. 33 va 40-daqiqalarda Nilufar Qudratova tomonidan to'rtinchi va beshinchi gollar Tojikiston futbolchilari darvozasiga yo’llandi. Uchrashuvning 64-daqiqasida esa Zarina Mamatkarimovaning o‘yini evaziga futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 6:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Uchrashuv Dushanbe shahrining markaziy stadionida Markaziy Osiyo (CA) ayollar futboli chempionati CAFA Women’s championship-2022 musobaqasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Es;atib o’tamiz, joriy yilning 6-21-iyul kunlari Dushanbe shahrida ayollar futboli bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati o’tkazilib, turnirda beshta davlat: O‘zbekiston, Eron, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston terma jamoalari ishtirok etmoqda.