Ayollar volleybolida tarixiy natija qayd etildi

Namangan shahrida bo‘lib o‘tayotgan qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Larisa Pavlova sovrini uchun U-19 Markaziy Osiyo chempionati bahslari tobora qizg‘in tus olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) tomonidan tashkil etilgan xalqaro turnirning guruh bosqich 2-turida musobaqa g‘olibligiga asosiy daʼvogarlar – O‘zbekiston va Qozog‘iston yoshlar terma jamoalari ro‘baro‘ kelishdi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan uchrashuvda qizlarimiz qozog‘istonlik voleybolchilar ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishib, tarixiy natija qayd etdi.
Uchrashuvning birinchi partiyasi nihoyatda murosasiz kechib, unda hamyurtlarimiz 27:25 hisobi bilan ustun kelishdi. G‘alabadan ruhlangan qizlarimiz keyingi ikki partiyada ham ancha ishonchli g‘alabaga erishdi va guruh bosqichida peshqadamlikni qo‘lga oldi.
Markaziy Osiyo chempionatning yarim final bahslari 29-oktyabr kuni bo‘lib o‘tsa, hal qiluvchi final va 3-o‘rin uchun kechadigan o‘yinlar 30-oktyabr sanasiga rejalashtirilgan.






