Aziz Abduxakimov Olimpiya shaharchasida delegatsiyamiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, delegatsiyamiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

O‘rganish ishlari dastavval ko‘chadan boshlandi. Unda vakillarimiz istiqomat qilayotgan qavatlarning tashqi tomondan qanday bezatilgani, ichkarida esa O‘zbekistonning turistik salohiyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmali banerlar ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng Aziz Abduxakimov yuqori qavatdan joy olgan O‘zbekiston delegatsiyasining shtabiga ko‘tarildi. U yerda jamoamizning tibbiyot markazi olib borayotgan ish yaqindan o‘rganildi. Shifokorlar sportchilarimiz salomatligi, xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida gapirib berishdi. Xususan, har bir delegatsiya a’zosidan kunlik PZR testlari olinmoqda va ular barchasi manfiy ko‘rsatkich bermoqda.

Keyinchalik Olimpiya shaharchasining oshxonasi ham ko‘zdan kechirildi. Unda atletlar uchun tayyorlanayotgan ovqatlarning turlari, kaloriyalari haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumot berildi.

O‘rganish ishlari yakunida "Tashkent-2025" yoshlar o'rtasidagi Osiyo o'yinlarini O'zbekistonda muvaffaqiyatli o'tkazish uchun Yaponiyadagi Olimpiya o'yinlari tajribasini o'rganish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.