BАА davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida Oʼzbekiston bilan hamkorlikni davom ettiradi

Joriy yilning 10-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Birlashgan Аrab Аmirliklari hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Аbdulloh al-Gergavi bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Muzokaralar chogʼida BАА hukumati bilan 2019-yil aprel oyidan buyon birgalikda ro’yobga chiqarilayotgan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturini hayotga joriy etish doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikning natijalari muhokama qilindi.

Soʼnggi 3 yil ichida Dastur doirasida 142 ta seminar oʼtkazilgani, 25 ta yoʼnalishda 175 ta tashabbus, shu jumladan “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi”, “Yosh rahbarlar” kabi loyihalar hamda mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayotining turli sohalarini qamrab olgan boshqa muhim tashabbuslar ilgari surilgani taʼkidlandi.

Tomonlar har bir yoʼnalishda aniq loyiha va tashabbuslarning amalga oshirilishini batafsil koʼrib chiqib, ularning samaradorligi va amaliy ahamiyatini qayd etdilar. Davlat boshqaruvi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning yangi yoʼnalishlarini qamrab olishni nazarda tutgan holda hamkorlikni davom ettirish va kengaytirishdan oʼzaro manfaatdorlik taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Oʼzbekiston va BАА oʼrtasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasidagi hamkorlik muddatini keyingi uch yilga uzaytirish toʼgʼrisida Bitim imzolandi.