Bag‘dod Amreyev TDT yetakchilari tomonidan Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti etib tayinlandi

11-noyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining 9-sammitida Turkiy davlatlar prezidentlari Turkiy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida maxsus qarorni imzoladilar va shu qarorga asosan oʻz faoliyatini yakunlagan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev Turkiy investitsiya fondi prezidenti etib tayinlandi.

Turkiy investitsiya jamg‘armasi turkiy davlatlar tomonidan tashkil etilgan birinchi va asosiy qo‘shma moliya instituti bo‘lib, tashkilotga a’zo Turkiy davlatlar iqtisodiy salohiyatini ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun safarbar etishni maqsad qilgan.

Jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadqiqot va innovatsiyalar, a’zo davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hisoblanadi.

Jamg'arma quyidagi yo'nalishlarni qo'llab-quvvatlaydi:

• Qishloq xo'jaligi (oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, agrobiznes, agroparklar va boshqalar);
• Logistika va transport;
• Energiya samaradorligi, qayta tiklanadigan va muqobil energiya;
• Ishlab chiqarish sohasidagi sanoat loyihalari (to'qimachilik, avtotransport, farmatsevtika va tibbiy asbob-uskunalar, aviatsiya uskunalari, kimyo va boshqalar);
• Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari;
• Turizm;
• Infratuzilma loyihalari;
• Davlat-xususiy sheriklik loyihalari;
• Inson taraqqiyoti (ta'lim, sog'liqni saqlash, tadqiqot markazlari va boshqalar);
• Ijodiy sohalar (raqamli iqtisodiyot, madaniy faoliyat musiqa, kino, dizayn va boshqalar);
• Tabiiy va shahar atrof-muhit sxemalari (suv, chiqindilar, toza havo, shahar transporti va boshqalar).