Bakuda tarixiy qaror qabul qilindi: Xiva – 2024-yil Islom dunyosining turizm poytaxti!

Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya eʼlon qilishga doir qaror qabul qilindi.

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) g‘alabaning asosiy omillari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasida yuritilayotgan ochiqlik siyosati, viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab islohotlarni eʼtirof etdi.

“Islom dunyosining turizm poytaxti yili doirasida Xorazm viloyatining Xiva shahrida IHTga aʼzo 57 davlatning turizm vazirlari va turistik maʼmuriyatlari rahbarlarining yigʼilishi yuqori darajada o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini ochib beruvchi ilmiy-amaliy anjumanlar, fotoko‘rgazmalar va art-ekspozitsiyalar bo‘lib o‘tadi. 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti bazasida IHT davlatlari olim va tadqiqotchilari ishtirokida taʼlim sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi”, – dedi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Аziz Аbduhakimov.

Islom dunyosining turizm poytaxti nominatsiyasiga 5 davlatdan shaharlar nomzodi qo‘yilgan bo‘lib, bular:

Аbu-Dabi (BАА);
Shanliurfa (Turkiya);
Laos (Nigeriya);
Dushanbe (Tojikiston);
Xiva (O‘zbekiston).
So‘nggi yilda bu shaharlar orasida nominatsiyada g‘oliblik uchun shiddatli kurash kuzatildi. Shunga qaramay, O‘zbekistonning bu yo‘nalishda olib borilgan saʼy-harakatlari natijasida Xiva shahrining “Islom dunyosining turizm poytaxti” maqomini olishiga doir qarorga kelinishiga erishildi.