Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumiga bagʼishlangan brifing

Joriy yilning 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida oʼtkazilishi rejalashtirilgan "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumi boʼlib oʼtadi.

Maʼlumki, 2015 yilda BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalarga oid hamda inson hayoti, yashash tarzi va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan 17 ta global maqsad va 169 ta vazifadan iborat 2030 yilga qadar barqaror rivojlanishning oʼziga xos harakatlar rejasi tasdiqlangan edi.

Аynan shu maqsadlar aksini biz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan ishlab chiqilgan "Harakatlar strategiyasi"da ham koʼrishimiz mumkin.

Harakatlar strategiyasining 5 ta yoʼnalishi global maqsadlar bilan hamohangligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilgan.

Oʼzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ham oʼzining qatʼiy tarafdori ekanligini bir necha marotaba maʼlum qilgan, va eng asosiysi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʼlida muhim tashabbuslarni ilgari surgan.

Ushbu maqsadlarni amalda qoʼllash uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik mavzusida xalqaro forum oʼtkazish taklifi bildirildi.

Ushbu forum juda katta ahamiyatga ega. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda bevosita butun dunyo mamlakatlari parlamentlari saʼy-harakatini birlashtirish va hamkorlik aloqalarini muvofiqlashtirishga qaratilgan bu darajadagi juda katta tadbir hali birorta mamlakatda oʼtkazilmagan.
Shu maqsadda 10 iyundan 20 iyungacha Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligini oʼtkazmoqdamiz.