Bayden COVID-19 sabab joriy etilgan favqulodda holatni bekor qildi

Kecha, 10-aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden koronavirus tarqalishi sababli joriy etilgan favqulodda holat rejimini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Oq uy tarqatgan bayonotda keltirilgan.
Maʼlumot uchun, Amerikada COVID-19 sabab joriy qilingan favqulodda holat uch yildan beri amal qilmoqda.
Mazkur rejim ilk bor mamlakat sobiq Prezidenti Donald Tramp tomonidan 2020-yilning mart oyida joriy qilingan. Keyinchalik uning amal qilish muddati amaldagi rahbar Jo Bayden tomonidan bir necha bor uzaytirildi. 2022-yilning yozida Qo'shma Shtatlar mamlakatga kirish uchun koronavirus testidan o'tish talabini bekor qildi.
Shu bilan birga, o'sha yilning sentyabr oyida Bayden koronavirus pandemiyasi tugagan, ammo virus bilan bog'liq ba'zi “muammolar” hali ham saqlanib qolgan, degan fikrni bildirdi. Va shu yilning fevral oyida Oq uy favqulodda holat 11-maydan boshlab bekor qilinishini e'lon qildi. Biroq, AQSh Kongressi mamlakatdagi favqulodda holat rejimini zudlik bilan tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.






