Bayden Rossiya samolyotlari uchun AQSH osmonini yopadi

''AQSh o'z havo hududini rus samolyotlari uchun yopadi'', dedi Bayden. U, shuningdek, yevropalik ittifoqchilar bilan birgalikda “rus oligarxlari” va “korrupsioner rahbarlar”ning shaxsiy samolyotlari, yaxtalari va ko‘chmas mulklarini tortib olishga va’da bermoqda.
Baydenning ta’kidlashicha, bu orqali mamlakat Yevropadagi ittifoqchilarga qo‘shiladi va Rossiyani yanada izolyatsiya qilib qo'yadi. Bu esa Rossiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytiradi.
U, shuningdek, "rus oligarxlari" va "korrupsioner rahbarlar"ga murojaat qilgan holda: “Biz Yevropadagi ittifoqchilarimiz bilan yaxtalaringizni, hashamatli kvartiralaringizni va shaxsiy samolyotlaringizni topib, tortib olish uchun hamkorlik qilyapmiz. Sizning noqonuniy xaridlaringizni fosh etish maqsadidamiz va AQSh Adliya vazirligi rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish uchun maxsus guruh tuzmoqda”, deb davom etdi.






