Behzod Musayev: Mamlakatimizda mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsiz

“Mamlakatimizda kambagʼallikni kamaytirish va bandlikni taʼminlash boʼyicha mutlaqo yangi tizim – hokim yordamchilari instituti tashkil etildi. Hozirda respublikadagi mavjud mahallalarda 10 ming nafarga yaqin hokim yordamchilari faoliyat yuritib, ular tadbirkorlikni rivojlantirish boʼyicha xizmat koʼrsatmoqda. Hokim yordamchilari orqali subsidiyalar ajratish, ish bilan taʼminlash, kasbiy tayyorgarlikka jalb qilish va biznes yuritish koʼnikmalari orqali qariyb 2,2 million kishining bandligi taʼminlandi”, - deya ta’kidladi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev.

Shuningdek, u bugungi kunda mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsiz qolayotganini ham ta’kidlab o’tdi.

Bundan tashqari, taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda respublika bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan 26 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 539 ta kasb-hunar markazi, mahallalardagi o‘quv markazlari orqali mehnat bozorida talab katta bo‘lgan 70 dan ortiq kasb bo‘yicha ishsiz fuqarolarga ta’lim berilmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada ishsizlik darajasi 8,9 foizga tushirilgan. Qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichi 17 foizdan 14,1 foizga kamaygan.