Belarus olti oyga don eksportini taqiqladi

Belarus don ekinlari eksportiga qoʻyilgan taqiqni olti oyga uzaytirdi. Mamlakat Bosh vaziri Roman Golovchenko tomonidan imzolangan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bugun milliy huquqiy internet portalida eʼlon qilindi.
“Ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tovarlarni ishlab chiqarilgan mamlakatidan qatʼiy nazar, Belarus Respublikasidan tashqariga, xususan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YEOII) aʼzo davlatlarga olib chiqishni vaqtinchalik taqiqlash belgilansin”, - deyiladi hujjatda.
Qaror xalqaro gumanitar yordam koʻrsatish maqsadida eksport qilinadigan yoki xalqaro tranzit tashish doirasida YEOII bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Eksporti taqiqlangan tovarlar roʻyxatiga bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, tariq, grechka kabi 19 nomdagi don mahsulotlari kiritilgan.






