Birjada koʻmir, suyultirilgan gaz va sement narxi pasaydi

O‘tgan hafta davomida, yaʼni 3—9-aprel kunlari ochiq birja savdolari orqali jami 2 110,7 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotilgan. Bu haqda “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida birja savdolarida 79 816 tonna sement sotilgan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 16,0 ming tonnani tashkil qilgan.

Sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 661 ming so‘mdan 643,8 ming so‘mgacha pasaygan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 205 ta xaridor ishtirok etgan.

Suyultirilgan gaz

O‘tgan haftada birja savdolariga 5 455 tonna suyultirilgan gaz qo‘yilgan va uning 5 125 tonnasi, yaʼni 94 foizi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 167 ta xaridor ishtirok etgan.

Suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 027,8 ming so‘mdan 3 945,3 ming so‘mgacha pasaygan.

Ko‘mir

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 11 865,0 tonna ko‘mir qo‘yilgan va undan 4 380 tonnasi, yaʼni 36,9 foiz qismi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 5 ta xaridor ishtirok etgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ko‘mirning o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 274,9 ming so‘mdan 256,6 ming so‘mgacha pasaygan.