Biz avvalo ustozning, muallimning obroʼsini koʼtarishimiz kerak – Prezident

Аyni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida taʼlim sohasidagi islohotlar haqida murojaat qilmoqda. Prezident Yangi Oʼzbekistondagi tashabbuslarni, ayniqsa, taʼlim boʼyicha islohotlarni chekka hududlarga ham kirib borishga harakat qilinayotgani haqida gapirdi.
“Biz avvalo ustozning, muallimning obroʼsini koʼtarishimiz kerak. Аytish kerakki, biz 20 yilda oʼqituvchilarga eʼtibor qaratmadik. Bundan kim yutqazdi? Аlbatta, biz. Navoiyga borganimda yoshlar bilan uchrashuv oʼtkazdim. Ulardan “sizlarni nima qiynayapti?”, deb soʼradim. Ular javob bera olmadi. Savolga oʼzim javob berdim: “korxonalardagi yangi texnika, asbob-anjomlarni ishlatishda qiyinchiliklar boʼlyaptimi?”, degan edim, bir yigit bunga javoban “bilim yetishmayapti”, dedi. Bu ham haqiqat”, — dedi Prezident.
Davlat rahbari har bir inson oʼzining ertanggi kuni boʼlgan farzandlarni muallimga ishonib topshirishi haqida ham gapirdi.
“Oxirgi yillarda taʼlimda oʼqituvchining kayfiyati, dars berishi oʼzgargani ham adolatli haqiqat. Men oʼzim ham taʼlim berganman, bilaman bu sohani. Oliy Majlisga yoʼllangan murojaatnomada aytilgan oltita yoʼnalishni bajarish azob. Lekin bugun qiynalmasak, ertaga natija boʼlmaydi”, — deya qoʼshimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.






