Biz faqat oʼz kuchimizga ishonamiz - Prezident

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 13-yanvardagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
14-yanvar kuni Prezident Аdministratsiyasida ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʼlib o'tdi.
Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini mazkur shonli sana bilan tabrikladi.
"Mustaqilligimizning 30 yilida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topib, fidoyi askarlar, ofitser va generallar yetishtirib, zarur aslahalar bilan taʼminlanib, bugun mana shunday yetuk armiyaga aylandi. Bu jonajon Vatanimizdagi tinchlik, barqarorlik, xalqimizning osoyishta yashashiga zamin boʼlayapti", – deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
"Kechagi yigʼilishda biz munosib kuch-qudratimizni bundan ham mustahkamlash, har bir yoʼnalishda ilmni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash boʼyicha katta rejalar qabul qildik. Dunyoda va mintaqamizda boʼlayotgan tahlikali voqealarni chuqur tahlil qilib, xalqimizning tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi boʼyicha qoʼshimcha choralar koʼramiz. Biz faqat oʼz kuchimizga ishonamiz", – dedi Oliy Bosh Qoʼmondon.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon toʼgʼrisidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tiladi.






