«Biz ochiqlik, shaffoflik haqida gapiryapmiz» – Tanzila Narbayeva

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, bugun bo’lib o’tayotgan 28-yalpi majlis davomida budjet ijrosi boʼyicha Hukumat hisoboti shaklini qayta koʼrib chiqish taklifini bildirdi.

“Maʼlumki, Davlat budjetining ijrosi toʼgʼrisidagi Hukumat hisoboti yuzasidan Hisob palatasi xulosa beradi.

Аna shu xulosaga koʼra, 2021-yilda hisoblangan soliqlar, qoʼllanilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalari, soliq qarzi, ularni undiruvchanlik darajasi, davlat aktivlarining oʼzgarishi, shu jumladan realizatsiya qilingan aktivlar va ularning sotilishidan tushgan tushumlar taqsimoti toʼgʼrisidagi maʼlumotlar davlat budjetining ijrosi toʼgʼrisidagi hisobotda aks ettirilmagan.

Natijada qator muhim masalalar, xususan vazirlik va idoralardagi maxsus jamgʼarmalarga tushumlar, ulardan foydalanish holati, budjetga ajratmalar boʼyicha savollarga hisobotning oʼzidan javob topa olmayapmiz.

Masalan, tahillarga koʼra, birgina yoʼl harakati qoidalari buzilganligi uchun oʼtgan yilda 1 trln 58 mlrd soʼmlik jarimalar qoʼllanilib, shundan 410 mlrd soʼmi undirilgan va Davlat budjetiga 227 mlrd soʼm ajratma qilingan.

Toʼgʼri, qolgan mablagʼlar yoʼq boʼlib ketmagan, undirish jarayonida yoki qayta koʼrib chiqilayotgan boʼlishi mumkinligini tushunamiz.

Biz ochiqlik, shaffoflik haqida gapiryapmiz. Parlament aʼzolariga, qolaversa jamoatchilikka tushunarli boʼlishi uchun maʼlumotlar batafsil ochib berilsa maqsadga muvofiq boʼlar edi.

Shularni hisobga olib, budjet ijrosi boʼyicha Hukumat hisoboti shaklini qayta koʼrib chiqish vaqti kelmadimikin? Shu xususida fikringizni bilmoqchi edik.

Bundan tashqari, Budjet kodeksiga koʼra (167-modda) Davlat budjetining ijrosi toʼgʼrisidagi yillik hisobot 15-maydan kechiktirmay parlamentga taqdim etilishi kerak. Lekin, hisobot belgilangan muddatda kiritilmadi. Bundan buyon hisobotni taqdim etishda qonun talabiga qatʼiy rioya qilishni soʼraymiz”, deya murojaat qildi Senat raisi.