Biz Oʼzbekiston 2030-yilga borib aholisi oʼrtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishini maqsad qilganmiz - Prezident

Prezident investitsiyalarni jalb qilish jarayonini takomillashtirish boʼyicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yoʼnalishida amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022-yildan eʼtiboran Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar Kengashi yigʼilishlarini muntazam oʼtkazib borish yoʼlga qoʼyiladi.

Shuningdek, “kraud-sorsing” platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan toʼgʼridan-toʼgʼri muloqot oʼtkazish amaliyotini davom ettiramiz.

"Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlarimiz natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotimizni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga yetkazish koʼzda tutilgan.

Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi.

Biz Oʼzbekistonning 2030-yilga borib aholisi oʼrtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishishni maqsad qilib qoʼyganmiz", dedi Prezident.