“Biz zo‘ravonlikni to‘xtatish tarafdorimiz” — Abdulaziz Kamilov Ukrainadagi vaziyat haqida

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Antaliyada (Turkiya) bo‘lib o‘tayotgan II Diplomatik forum doirasida Ukrainadagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.
O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda hamda zo‘ravonlikni to‘xtatish va barcha muammolarni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilish zarur, deb hisoblaydi, deya ma’lum qildi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.
«Biz juda xavotirdamiz. Bu haqda ko‘p gapirishimiz mumkin. Ammo, dunyodagi aksariyat odamlar singari, biz ham zo‘ravonlikning to‘xtatilishini va barcha muammolar siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilinishini xohlaymiz», — deya ta’kidladi vazir ANews nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, TIV rahbari forum doirasida «Afg‘oniston: yangi voqeliklarni qanday yengib o‘tish zarur» mavzusidagi sessiyada chiqish qilib, barqaror rivojlanish faqatgina yanada keng ko‘lamli hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkinligini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini bir-biriga bog‘lashdir. Vazir Turkiyaning geografik joylashuvi tufayli Osiyo va Yevropa o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi borasidagi muvaffaqiyatini O‘zbekiston tomoni namuna sifatida ko‘rayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston ham o‘z geografiyasi sabab xuddi shunday rol o‘ynashiga umid bildirdi.






