Bizning maqsadimiz kimnidir jazolash emas – Senat Raisi T.Narbayeva

Senatning yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 206/1-moddasiga oʼzgartish kiritish haqida”gi Qonun koʼrib chiqilishi doirasida, Senat Raisi Tanzila Narbayeva Himoya orderi haqida alohida to’xtalib o’tdi.

Himoya orderi toʼgʼrisida gapiradigan boʼlsak, bu 2019-yildan boshlab Oʼzbekiston uchun yangilik boʼlib kirgan. Bu davlatimiz tomonidan zoʼravon kishini ogohlantirish demakdir. Ogohlantirayaptiki, ayolga yoki boshqa biror fuqaroga qaysidir muddat ichida tegmasin, yaqinlashmasin.

Аgar himoya orderini bajarmaganlik uchun qonunda taklif qilinayotgan jarima miqdorini oshiradigan boʼlsak, jabrdiydaning oʼziga yuk boʼladi. Chunki jamiyatimizda koʼp holatlarda ayollar turmush oʼrtogʼiga qaram hisoblanadi. Baribir turmush oʼrtogʼi asosiy taʼminotni taʼminlaydi. Аgar jarima miqdorini oshiradigan boʼlsak, u jarimani toʼlaydi, ammo xotinini, bolasini taʼmitnlash imkoniyati chegaralanadi. Va men sen tufayli jarima toʼlayapman, demak, oilamizga kerakli mablagʼni olib kelib bera olmayman degan fikr tugʼilishiga asos boʼlishi mumkin.

Umuman olganda, jarimani erkakka yuklash jabr koʼrgan ayolni ham jazolash deb hisoblash mumkin, shuning uchun biz 1995-yilda Oʼzbekiston qoʼshilgan “Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisida”gi konvensiyani ochib qarasangiz, u yerda ham oilaga putur yetmaydigan ogʼir, bosiq jazo tayinlanishi zarurligi haqida tavsiyalar berilgan.

Shuning uchun bu masalaga son nuqtai nazaridan, miqdor nuqtai nazardan emas, kompleks yondashishimiz kerak. Bizning maqsadimiz kimnidir jazolash emas, bizning maqsadimiz mana shunday holatlarning oldini olish. Shuning uchun bu qonunni rad etish toʼgʼrisidagi fikrlarni toʼliq qoʼllab-quvvatlaymiz. Qarorda ham bu jihatlar yozilgan. Oʼylaymanki, hamma senatorlar ham buni qoʼllab-quvvatlaydi",- deya ta'kidladi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva.