Bizning tarixiy ildizlarimiz bir, bugungi orzu-intilishlarimiz ham mushtarak – Shavkat Mirziyoyev

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida xalqlarimizni Navro‘z bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi. Millatlarimizning tarixi birligi va bugungi yaqinligiga e’tibor qaratdi.
“Buyuk ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgan yurtlarimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hududlar sifatida shuhrat qozongan. Hozirda turk qardoshlarimiz bizdan minglab kilometr olisda yashayotgan bo‘lsalar-da, bizlarning tillarimiz va dillarimiz nihoyatda yaqindir. Bizning tarixiy ildizlarimiz bir, bugungi orzu-intilishlarimiz ham mushtarak”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida savdo va investitsiya aloqalari jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobarga, qo‘shma shirkatlar soni 5 karraga ortgan. Turkiyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 70 marotabaga ko‘paygan.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalarga oid masalalar batafsil muhokama qilingani aytildi. Erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
O‘tgan yili Anqara va Istanbulda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Yaqinda Toshkentda barcha turkiy xalqlarning buyuk madaniy merosi bo‘lgan noyob asar – “Dada Qo‘rqut kitobi” o‘zbek tilida to‘liq holda nashr etildi. Davlatimiz rahbari ushbu kitobni Turkiya Prezidentiga tuhfa qildi.
“Sizning tashrifingiz hamkorligimiz uchun yangi va yuksak imkoniyatlar yaratishga juda katta hissa qo‘shadi. Ota yurtingiz eshiklari Siz va barcha turkiyalik qardoshlarimiz uchun doimo ochiq”, dedi Prezidentimiz.






