BMB Za'faron brendining hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida taqdimoti boʼlib oʼtdi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan respublikadagi yirik sanoat va hududiy korxonalar oʼrtasida tarmoqlararo sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida, joriy yilning 3-4-mart kunlari Jizzax shahrining Olimpiya zahiralari kollejida boʼlib oʼtadigan "Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi" oʼz ishini boshladi.
Mazkur yarmarka doirasida farmasevtika, yengil sanoat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va elektrotexnika sohalarida faoliyat olib borayotgan korxonalar oʼz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqdalar.
Bugun tadbirning birinchi kunida koʼplab tadbirkorlar bilan bir qatorda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʼyicha Davlat maslahatchisi oʼrinbosari Galina Saidova Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev, tuman hokimlari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.
Taʼkidlash joizki, ushbu koʼrgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar diqqat markazida BMB Trade Group kompaniyasi tomonidan yetishtirilayotgan BMB Zafaron mahsuloti boʼldi. Kompaniya mutasaddilari "ziravorlar sultoni" boʼlmish zaʼfaron mahsulotiga qiziqish bildirgan mexmon va tadbirkorlarga toʼliq maʼlumot berib oʼtdilar.
Yarmarka tashkilotchilari barcha tadbirkorlarga oʼz minnatdorchiliklarini bildirib, ularning aholi uchun yangi ish oʼrinlari va umuman olganda hududning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash rivojiga qoʼshib kelayotgan ulkan hissasini alohida eʼtirof etib oʼtdilar.






