BMT global yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha birinchi yig‘ilishni o'tkazmoqda

30-iyun va 1-iyul kunlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi raisi Abdulla Shahid tomonidan chaqirilgan BMTning global yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha birinchi yuqori darajadagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

“Dunyo yo‘llarida xavfsizlikni yaxshilamasdan turib, barqaror rivojlanishni amalga oshirish mumkin emas”, — dedi BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (YeIK) ijrochi kotibi Olga Algayerova. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, dunyoda bu sohadagi vaziyat yomonlashmoqda.

O‘tgan yili 2021−2030-yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘n yillik harakat global rejasi (PDF) qabul qilindi. U 2030-yilga borib YTHlarda o‘lim va jarohatlar sonini 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. “Bugungi kunda biz bu ko‘rsatkichdan ancha uzoqmiz”, — dedi Olga Algayerova.

U BMTga a’zo davlatlarni yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘zlarining siyosiy va moliyaviy majburiyatlarini bajarishga chaqirdi, shu jumladan, yangi va ishlatilgan barcha transport vositalari uchun BMTning minimal xavfsizlik standartlarini bajarishdan boshlab.

“Yo‘l harakati xavfsizligi masalalari shaharsozlikdan tortib, ta’limgacha bo‘lgan milliy strategiyalarga kiritilishi va milliy budjetlarda yetarlicha mablag‘ ajratilishi kerak”, — dedi BMT YeIK ijrochi kotibi.

Yig‘ilish yakunida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash “zudlik bilan rivojlanishning ustuvor yo‘nalishi, aholi salomatligi va ijtimoiy adolat masalasi” ekanligi ta’kidlangan siyosiy deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan (hujjat loyihasidan).