BMT Ukrainada 925 nafar tinch aholi halok bo‘lganini tasdiqladi

24-fevraldan 20-martga qadar Ukrainadagi urushda 925 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 1496 nafari yaralangan. 10 mln ukrainaliklar yoki butun mamlakat aholisining to‘rtdan biri uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ularning 3,5 mlnga yaqini mamlakatdan chiqib ketgan.

Bu BMT tasdiqlagan raqamlar, biroq haqiqiy raqam bundan ham yuqori.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lum qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumi boshlanganidan beri kamida 925 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. O‘ldirilgan 925 nafardan 183 nafari erkak, 137 nafari ayol, 11 nafari qiz va 25 nafari o‘g‘il bolalar, 39 nafari yosh bolalar va 530 nafari esa jinsi hali aniqlanmagan kattalar.

Tinch aholi orasidan qurbon bo‘lganlarning aksariyati katta vayronagarchilik maydonini paydo qiladigan portlovchi qurollardan foydalanish, jumladan, og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa tizimlaridan o‘qqa tutilishi, raketa va havo zarbalari natijasida vafot etgan, deyiladi xabarda.

Urush boshlanganidan beri 10 million ukrainalik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi — bu butun Ukraina aholisining to‘rtdan bir qismi (41 milliondan ortiq). Ulardan 3,5 millionga yaqini mamlakatni tark etgan.

Ukrainada uzoq davom etgan urush davom etsa, uning so‘nggi 18 yil ichida erishgan ijtimoiy-iqtisodiy muvaffaqiyatlari yo‘qoladi, deya ta’kidlaydi BMT. Kelgusi uch oy ichida mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismi qashshoqlik chegarasidan pastga tushishi mumkin va ukrainaliklarning 62 foizi qashshoqlashadi.