Bobur tavalludining 539 yilligi

2022-yil 14-fevral oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili Zahiriddin Muhammad Bobur ibn Umarshayx Mirzo tavalludining 539 yilligi.

Bobur taxallusi ostida ijod qilgan, toʻliq ismi Zahiriddin Muhammad Bobur ibn Umarshayx Mirzo 14-fevral 1483-yilida dunyoga kelgan. Oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda bo’lmish Bobur oʻz davrining buyuk shaxslaridan biridir. Uning sheʼrlari va ruboiylari oʻz vaqtida va hozir ham sevib mutolaa qilingan.

Bobur 18—19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Uning „Topmadim“ radifli gʻazali va „Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi“ misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi oʻsha yillardagi hayoti bilan bogʻliq.

Boburning ulkan sanʼatkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga koʻtara oladi va natijada asarlarida olgʻa surilgan gʻoyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga koʻtariladi. Bobur ijodida, xususan, sheʼriyatida kindik qoni toʻkilgan ona yurtini dildildan qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish, gʻariblik azoblaridan oʻtli hasrat, yoru diyor soginchi va visol ilinji, takdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosoʻzliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.

Boburning o'z sheʼriy asarlarini toʻplab, devon holiga keltirgan sanani koʻrsatuvchi aniq tarixiy maʼlumotlar maʼlum emas. Ammo „Boburnoma“ning 1518/19-yillar voqealari bayoniga bagʻishlangan faslida Bobur devonini Kobuldan Samarqandga yuborganligi toʻgʻrisida soʻz boradi.

Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʻrin olgan.