Boeing 737 samolyoti endi Balidagi hashamatli villaga aylanmoqda

2014-yilga qadar Indoneziyaning Mandala Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan Boeing 737 samolyoti hashamatli villaga aylanmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, tadbirkor Feliks Demin boshchiligidagi loyiha 2023-yilning mart oyida yakunlanib, mehmonxona sifatida faoliyat boshlaydi.

Qayd etilishicha, loyiha o‘z vaqtida yakunlansa, “Private Jet Villa” deb nomlanayotgan mazkur villani bir kecha-kunduzga 7300 AQSH dollariga ijaraga olish mumkin bo‘ladi.

Tadbirkorning qayd etishicha, samolyotni asl joyidan hozirgi joyga ko‘chirish uchun bir hafta vaqt ketgan. U demontaj qilingan va joyida qayta qurilgan.

Samolyot o‘rnatilgan tepalikka endilikda yog‘och yo‘lakcha orqali ko‘tarilish mumkin, bundan tashqari uning yonidan katta hovuz ham joy olgan. Villaga aylantirilgan samolyotning qanotlarida esa shishali terassa barpo etilgan. Terassa yuqori sifatli mebellar bilan jihozlangan.

Shuningdek, loyiha mualliflari intererga minimalistik ruhda yondashgan va samolyot ichkarisida ikkita yotoqxona, ikkita hammom, oshxona, bar va ovqatlanish burchagi bor.

Villa tashqarisida ko‘rkam bog‘ barpo etilgan. Samolyotni qulay yashash joyiga aylantirish uchun barcha boshqaruv panellari va o‘rindiqlar tashqariga, ochiq osmon ostiga joylashtirilgan.