Bojxona kodeksiga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritildi

“Oʼzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun (OʼRQ–748-son, 01.02.2022 y.) Prezidentimiz tomonidan imzolandi.

Kiritilgan qoʼshimchalarga muvofiq, vakolatli iqtisodiy operatorlarning (insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etish) huquqiy maqomi Kodeksda belgilandi.

Kodeksga reeksport, vaqtincha olib chiqish, reimport, vaqtincha olib kirish, yoʼq qilish bojxona rejimlari uchun ruxsatnoma olish talabi bekor qilinganligiga oid oʼzgartirishlar kiritildi.

Ruxsatnoma olish faqat tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimlarida talab etiladi.

Kodeksga tranzit deklaratsiyasi tushunchasi kiritildi, unga koʼra tranzit deklaratsiyasi tovarlar va (yoki) transportlar haqidagi maʼlumotlar koʼrsatilgan holda bojxona organiga taqdim etiladigan hamda bojxona hududiga olib kiriladigan va Oʼzbekiston hududi orqali tranzit olib oʼtiladigan tovarlarini joʼnatuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan bojxona organigacha nazorat qilish uchun foydalaniladigan hujjatdir.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʼtgach kuchga kiradi.