Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyotiga bogʼlaydigan koʼprik hisoblanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022-yilda bojxona maʼmurchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish boʼyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʼilish bo’lib o’tmoqda.
“Soʼnggi besh yilda mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga – 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2021-yilda 42 milliard dollarga oshdi. Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyotiga bogʼlaydigan koʼprik hisoblanadi. Bu tizim toʼgʼri va ochiq-oshkora ishlamasa, tadbirkorlik, investitsiyaga toʼsiq boʼladi hamda aholining noroziligini keltirib chiqaradi. Shuning uchun bu sohada 2019-yilda katta islohotlarni boshladik”, dedi Prezident yigʼilish avvalida.
Jumladan:
- bojxona postlarida “yashil yoʼlak”lar joriy etilib, hozirda ular orqali 95 foiz yoʼlovchi va 75 foiz yuk oʼtmoqda;
- avval 12 ta idoradan olingan 60 turdagi ruxsatnomalar “yagona darcha” orqali elektron shaklga oʼtkazildi;
- natijada bojxonada yuklarni rasmiylashtirish vaqti 10 barobargacha qisqardi.
Shuningdek, besh yillik Taraqqiyot strategiyasida eksportni 30 milliard dollarga, xorijiy turistlar sonini 7 millionga yetkazish belgilab olingan.
“Bu katta marralar. Buning uchun, bojxona tizimi pastdan boshlab, eng yuqori boʼgʼingacha oʼzgarishi kerak. Topshirigʼimga koʼra, qoʼmitaning yangi raisi bevosita postlarda xodimlar, aholi va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz gaplashib, har bir masalani ichiga kirib oʼrgandi. Viloyat hokimlari bir narsani aniq tushunishi kerak. Bojxona postlari davlatimiz yuzi, birinchi taassurot ham aynan bojxonadan boshlanadi. Bojxona postiga qarab, har bir hokimning madaniyatiga baho beriladi. Ular atrofida ravon yoʼllar, ekilgan manzarali daraxt va gullar, aholi uchun qulay sharoitlar boʼlishi shart”, dedi davlatimiz rahbari.






