Bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy oʼquv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratiladi

Yigʼilishda bojxona xodimlarining halol ishlashini taʼminlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish - korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim masala ekanligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan:

bir oy muddatda bitta postda 3 yil ishlagan xodimlar rotatsiya qilinadi;

1-martdan barcha bojxona xodimlari faqat ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi;

bojxona tizimida xodimlar daromadi va mol-mulkini deklaratsiya qilish joriy etiladi;

bojxona xodimlarining faoliyati samarasiga qarab, ish haqiga 50 foizgacha qoʼshimcha ustama toʼlanadi. Bu ustamalar aniq koʼrsatkichlar (KPI) asosida belgilanadi;

olis va sharoiti ogʼir postlarda ishlayotgan xodimlar ish haqiga qoʼshimcha ustamalar joriy etiladi;

bojxona xodimlariga maxsus unvon uchun ustamalar miqdori oshiriladi.

Yigʼilishda, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab berildi:

Olot, Guliston, Termiz va boshqa hududlardagi olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etiladi;

joriy yilda uy-joyga ehtiyoji bor 100 nafar va har yili kamida yana shunchadan xodim imtiyozli ipoteka bilan taʼminlanadi;

bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy oʼquv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratiladi.

Yana bir masala – bugungi kunda bojxona organlarida ayollarning ulushi bor-yoʼgʼi 8 foizni tashkil etadi.

"Sohada adolat, halollik va tartibni joriy qilishni xohlar ekanmiz, tizimga ayol xodimlarni jalb qilish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz shart", dedi davlatimiz rahbari.