Bola huquqlari himoyasiga doir qonunchilik takomillashtirilmoqda

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida senatorlar “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yillar mobaynida bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslari tubdan takomillashtirilib, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo‘lgan bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari keng jamoatchilik jalb qilingan holda hal qilinmoqda.
Mazkur islohotlarning davomi sifatida ushbu Qonun bilan bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga nisbatan insonparvarlikni kuchaytirish maqsadida jinoiy javobgarlikka tortish yoshini o‘n uch yoshdan o‘n to‘rt yosh etib belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilish muddatlari aniq belgilanib, jinoyat-protsessual qonunchilikda voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda psixolog ishtirok etishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilinishiga erishiladi hamda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini yaratiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.






